enruuz

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) yirik xususiy kreditor – Ipak Yo‘li Bankiga 45 mln AQSh dollari (€42.5 mln yevro)gacha bo‘lgan moliyaviy imkoniyat taqdim etish orqali O‘zbekistonda yashil kreditlashni va savdoni osonlashtirishni rag‘batlantirmoqda.

Imtiyoz ikkita tarkibiy qismdan iborat. YeTTBning O‘zbekistondagi Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish dasturi (GEFF II) doirasida 20 mln AQSh dollari (18,9 mln yevro)gacha bo‘lgan kredit mahalliy valyutada ajratiladi va mahalliy uy xo‘jaliklari, kichik va o‘rta biznes korxonalari uchun yashil hamda iqlimga chidamli  texnologiyalardan foydalanishni yaxshilaydi. Ushbu kredit O‘zbekistondagi GEFF II dasturi doirasida berilgan birinchi kredit hisoblanadi.

Ikkinchi qismi – ​​YeTTBning Savdoni osonlashtirish dasturi (SOD) doirasidagi limitning 25 mln AQSh dollari (23,6 million yevro)ga qadar oshirilishi bo‘lib, bu Bankning SOD umumiy limitini 50 mln AQSh dollariga (47,2 mln yevro) yetkazadi. SOD limitining oshirilishi Oʻzbekistondagi eng faol SOD emitent banklaridan biri boʻlgan “Ipak Yoʻli” bankiga oʻzining oʻsib borayotgan savdoni moliyalashtirish faoliyatini kengaytirish imkonini beradi va oʻzbek firmalariga zarur mahsulotlar, xizmatlar va uskunalarni import qilish hamda oʻz mahsulotlarini eksport qilishga yordam beradi.

O‘zbekistondagi GEFF II dasturi doirasida Iqlim investitsiya jamg‘armasi (CIF) va uning hamkorlari bo‘lgan Daniya, Niderlandiya, Shveytsariya va Buyuk Britaniya texnik hamkorlikni moliyalashtirishga, Gender tenglik masalalari bo‘yicha ko‘p tomonlama donorlik hamkorlik jamg‘armasi (A4EG) hamda uning hamkorlari bo‘lgan Yaponiya, Litva va Xitoy Taypeyi inklyuziv yashil kreditlashni rivojlantirishga yordam beradi.

O‘zbekistondagi GEFF II YeTTBning Yashil iqtisodiyotga oʻtish (GET) yondashuvining bir qismi boʻlib, u orqali 2025 yilga kelib koʻpchilik banklar yashil bank boʻlishni maqsad qilgan. GET yondashuvi orqali YeTTB 2025 yilga kelib yashil moliyalashtirishni yillik biznes hajmining 50 foizidan oshiradi. 2006 yildan beri YeTTB 49 mlrd yevrolik yashil investitsiyalarni imzoladi va yiliga 124 mln tonna uglerod chiqindilarini kamaytirishi kutilayotgan 2600 dan ortiq yashil loyihalarni moliyalashtirdi.

Bugungi kunga qadar YeTTB O‘zbekiston bo‘ylab 146 ta loyihaga salkam 4,46 mlrd yevro sarmoya kiritdi.