enruuz

YTTB va Hamkorbank GEFF II dasturi doirasida 30 million AQSh dollari miqdoridagi kredit bitimini imzoladi

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YTTB) O‘zbekistonda “Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish dasturi” (GEFF) doirasida Hamkorbankka 30 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratish bo‘yicha bitim imzoladi.

Ajratilayotgan yangi mablag‘ Hamkorbankka kichik va o‘rta biznes sektorida energiya samaradorligini oshirish hamda zamonaviy “yashil” texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish imkonini beradi. Ushbu kredit energiya tejamkor uskunalar, yangi avlod isitish va sovutish tizimlari, quyosh panellari, issiqlik izolyatsiyasi materiallari va energiya iste’molini hamda ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiluvchi boshqa texnologiyalar xaridiga yo‘naltiriladi.

GEFF dasturi doirasida Hamkorbank mijozlari texnik ekspertiza, sertifikatlangan texnologiyalarni tanlash bo‘yicha maslahatlar va loyihalarni tayyorlashning barcha bosqichlarida ko‘makni o‘z ichiga olgan keng qamrovli konsultativ qo‘llab-quvvatlashdan ham foydalanishlari mumkin. Bu esa yuqori sifatli loyihalarni amalga oshirish va ularni tezroq joriy etishni ta’minlaydi.

Hamkorbank Boshqaruv Raisining o‘rinbosari Shamsiddinov Saidjon mazkur bitimning ahamiyatini ta’kidlab, shunday dedi:

«Hamkorbank yashil loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni izchil kengaytirib, O‘zbekistonda energiya samarador yechimlarni joriy etishga ko‘mak bermoqda. Ushbu yangi moliyalashtirish bizga yashil kreditlashni yanada jadallashtirish va mijozlarimizga ularning biznesining raqobatbardoshligi va barqarorligini oshiruvchi zamonaviy moliyaviy vositalarni taqdim etish imkonini beradi».

GEFF II dasturi O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, CO₂ chiqindilarini kamaytirish va energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Hamkorbank YTTBning yashil moliyalashtirishni ilgari surish bo‘yicha asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, mamlakatning barqaror rivojlanishga o‘tish bo‘yicha milliy ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi.

Loyiha Kanada tomonidan YTTBning «Iqlim bo‘yicha yuqori ta’sirli sheriklik» (HIPCA) dasturi, Iqlim investitsiyalari jamg‘armasi va Tayvan Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi orqali qo‘llab‑quvvatlanadi.