Toshkent, 2026 yil 19 fevral — Toshkent shahrida mehmonxona va restoran biznesi (HoReCa) segmenti korxonalari uchun yashil moliyalashtirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan ixtisoslashtirilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) Green Economy Financing Facility (GEFF) dasturi doirasida Ipak Yo‘li Banki bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminar HoReCa segmentida faoliyat yuritayotgan hamda o‘z obyektlarini modernizatsiya qilish, operatsion quvvatlarini kengaytirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali ekspluatatsion xarajatlarni kamaytirishga qiziqish bildirgan kichik va o‘rta biznes vakillarini birlashtirdi.
Seminarning asosiy maqsadi tadbirkorlarning quyidagi yo‘nalishlardagi investitsiyalarni moliyalashtirish uchun mavjud vositalar haqida xabardorligini oshirishdan iborat bo‘ldi:
— energiya tejamkor professional oshxona uskunalari;
— zamonaviy isitish va sovitish tizimlari;
— energiya tejamkor sovitish uskunalari;
— qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi yechimlar, jumladan quyosh fotoelektr tizimlari.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga GEFF dasturi bo‘yicha Ipak Yo‘li Banki orqali moliyalashtirish shartlari taqdim etildi. Shuningdek, energiya iste’molini va ekspluatatsion xarajatlarni kamaytirishga xizmat qiluvchi amaliy texnologik yechimlar misollari namoyish qilindi.
Mehmonxona va restoran sohasida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish nafaqat biznesning raqobatbardoshligini oshiradi, balki birlamchi energiya resurslari iste’molini qisqartirish orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga ham xizmat qiladi.
Seminar energiya tejamkor uskunalar yetkazib beruvchilari va potensial qarz oluvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun platforma yaratdi. Bu esa yashil texnologiyalar mahalliy bozorining rivojlanishiga hamda korxonalarning barqaror energetika sohasidagi zamonaviy yechimlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
GEFF dasturi YTTB ko‘magida mahalliy moliya muassasalari-hamkorlar orqali moliyalashtirish taqdim etish yo‘li bilan xususiy sektorning energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga yo‘naltirilgan investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.