Keramika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona GEFF dasturi ko‘magida amalga oshirilgan modernizatsiya orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirdi, chiqindilarni kamaytirdi va daromadlarini ko‘paytirdi
GOLDEN STYLE CERAMICS kompaniyasi 2015-yilda Toshkent viloyatida tashkil etilgan bo‘lib, sanitar-texnik keramika buyumlari, ya’ni rakovina, vanna, unitaz va suv chiqarish tizimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonada 50 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritadi hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlar O‘zbekistonning ichki qurilish materiallari bozoriga yetkazib beriladi.
Bozor talabining ortib borishi hamda energiya resurslari xarajatlarining oshishi munosabati bilan kompaniya eskirgan uskunalarni zamonaviy energiya samarador texnologiyalar bilan almashtirish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Avval foydalanilgan ishlab chiqarish uskunalari 7 yildan ortiq muddat davomida ekspluatatsiya qilingan bo‘lib, zamonaviy energiya samaradorligi talablariga to‘liq javob bermas edi va bu elektr energiyasi hamda tabiiy gaz iste’molining yuqori bo‘lishiga olib kelgan.
Ipak Yuli Bank tomonidan taqdim etilgan GEFF krediti doirasida kompaniya Turkiyaning “Linora Dis Ticaret Limited Sirketi” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan yangi texnologik ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilib, amaliyotga joriy etdi.
Yangilangan ishlab chiqarish jarayoni quyidagilarni o‘z ichiga oladi: xom ashyoni sharli tegirmonlarda maydalash, yuqori bosim ostida quyish texnologiyasi, avtomatlashtirilgan sir qoplash tizimlari, energiya tejamkor quritish jarayonlari, tunnel pechlarida pishirish, shuningdek mahsulot sifatini avtomatlashtirilgan nazorat qilish va qadoqlash jarayonlari.
Amalga oshirilgan modernizatsiya natijasida korxonada ishlab chiqarish samaradorligi sezilarli darajada oshdi: energiya iste’moli bazaviy ko‘rsatkichlarga nisbatan 22 foizga kamaydi, yiliga 4 237 GJ miqdorida birlamchi energiya tejashga erishildi hamda issiqxona gazlari chiqindilari yiliga 206 tonna CO₂ ga qisqardi.
Mazkur investitsiya nafaqat ekologik samaradorlikni ta’minladi, balki kompaniyaning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini ham mustahkamladi. Zamonaviy ishlab chiqarish yechimlarining joriy etilishi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahsulot sifatini oshirish hamda ishlab chiqarishdagi to‘xtalishlarni kamaytirish imkonini berdi. Ishlab chiqarish hajmining oshishi hisobiga kompaniyaning yillik qo‘shimcha daromadi taxminan 306 000 AQSh dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
Shu tariqa, loyiha amalga oshirilishi natijasida korxona operatsion barqarorligini oshirib, biznesning uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini yanada mustahkamladi.
O‘zbekistondagi Yashil iqtisodiyot moliyalashtirish mexanizmi (GEFF) Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki tomonidan ishlab chiqilgan. Loyiha Kanada tomonidan YTTBning «Iqlim bo‘yicha yuqori ta’sirli sheriklik» (HIPCA) dasturi, Iqlim investitsiyalari jamg‘armasi va Tayvan Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi orqali qo‘llab‑quvvatlanadi.