Mahalliy xususiy klinika GEFF ko‘magida energiya tejamkor MRT uskunasiga investitsiya kiritib, diagnostika imkoniyatlarini kengaytirdi va CO₂ chiqindilarni kamaytirdi
Kimyo University Hospital xususiy klinika Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, tibbiyot xizmatlarining keng turini ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Muassasa zamonaviy diagnostikaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan magnit-rezonans tomografiya (MRT) xizmatlarini ham taqdim etadi. Yuqori sifatli diagnostika xizmatlariga bo‘lgan barqaror talab sharoitida shifoxona diagnostika aniqligini oshirish, bemorlarni qabul qilish quvvatini kengaytirish va operatsion samaradorlikni yaxshilash, shu bilan birga energiya iste’molini kamaytirishni maqsad qilib qo‘ydi.
Loyiha doirasida zamonaviy va energiya tejamkor 1,5 Tl quvvatga ega uMR 670 MRT apparati xarid qilinib, o‘rnatildi. Ushbu uskuna zamonaviy samaradorlik va ishlash talablariga javob bermaydigan eskirgan MRT apparati o‘rnini egalladi. Yangi tizim ilg‘or tasvirlash texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, tasvir sifati va diagnostika aniqligini oshirish, shuningdek bemorlar uchun qulaylikni yaxshilash imkonini beradi. Bir tekshiruvni o‘tkazish vaqti 30 daqiqadan 20 daqiqagacha qisqartirildi, bu esa yuqori klinik standartlarni saqlagan holda ko‘proq bemorlarga xizmat ko‘rsatish imkonini berdi.
Loyihani moliyalashtirish Ipak Yuli Bank tomonidan taqdim etilgan GEFF krediti hisobidan amalga oshirildi. Modernizatsiyadan so‘ng shifoxonaning MRT tekshiruvlari bo‘yicha yillik quvvati 5 400 nafardan 6 600 nafargacha oshdi, bir bemor hisobiga to‘g‘ri keladigan elektr energiyasi iste’moli esa 32% ga qisqarib, 22 kVt/soatdan 15 kVt/soatgacha kamaydi. Birlamchi energiya tejalishi yiliga 164,9 MVt/soatni tashkil etdi, issiqxona gazlari chiqindilarining kamayishi esa 24,5 tonna CO₂ ekvivalentiga teng bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich yil davomida 1 100 dan ortiq yetuk daraxt tomonidan yutiladigan CO₂ hajmiga teng bo‘lib, O‘zbekistondagi taxminan 70ta xonadonning yillik elektr energiyasi iste’moliga mos keladi. Energetik va ekologik samaralardan tashqari, yangi uskunaning joriy etilishi ekspluatatsiya va texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytirdi hamda bemorlar oqimining oshishi hisobidan qo‘shimcha daromad olish imkonini yaratdi.
Ushbu loyiha sog‘liqni saqlash sohasidagi global tendensiyani aks ettiradi, bunda zamonaviy diagnostik texnologiyalar energiya samaradorligini tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bilan uyg‘unlashtiradi. Ilg‘or MRT yechimlarini joriy etish tibbiyot muassasalariga operatsion faoliyat samaradorligini oshirish, atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish va bemorlar uchun ishonchli hamda aniq diagnostikaga bo‘lgan imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistondagi Yashil iqtisodiyot moliyalashtirish mexanizmi (GEFF) Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki tomonidan ishlab chiqilgan. Loyiha Kanada tomonidan YTTBning «Iqlim bo‘yicha yuqori ta’sirli sheriklik» (HIPCA) dasturi, Iqlim investitsiyalari jamg‘armasi va Tayvan Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi orqali qo‘llab‑quvvatlanadi.