BMUda tomga o'rnatilgan quyosh energiyasi tizimi toza energiya bilan ta'minlaydi va universitetning energiya sarfi va chiqindilarini kamaytiradi.
Britaniya Menejment Universiteti (BMU) — Toshkent shahrida joylashgan yetakchi xususiy oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, xalqaro biznes va menejment yo‘nalishlarida o‘quv dasturlarini taklif etadi. Universitet kampusi 44 000 m² maydonni egallagan bo‘lib, unda 100 dan ortiq o‘quv xonalari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va talabalar yotoqxonalari mavjud. Kampusda 5 000 dan ortiq talaba zamonaviy va ekologik jihatdan qulay muhitda tahsil oladi.
BMU o‘z rivojlanish strategiyasida innovatsiyalar va barqarorlik tamoyillarini faol joriy etmoqda. Shu maqsadda universitet an’anaviy elektr tarmoqlariga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish va kampusni quyosh energiyasi orqali ta’minlash uchun quyosh elektr tizimiga investitsiya kiritdi.
Loyiha GEFF dasturi doirasida “Ipak Yo‘li bank” orqali moliyalashtirildi. Ushbu investitsiya universitetga kampusni quyosh energiyasi bilan ta’minlash imkonini berdi. Natijada har yili 28 495 GJ miqdorida energiya tejalmoqda hamda 1 180 tonna CO₂ chiqindisi kamaytirilmoqda. Bu ko‘rsatkich taxminan 250 ta yengil avtomobilning yillik chiqindisiga, yoki 19 000 ta daraxt bir yilda singdiradigan CO₂ hajmiga tengdir. Shuningdek, bu natija 1 000 dan ortiq o‘zbekistonlik xonadonlarning yillik elektr iste’moliga mos keladi. Quyosh tizimi o‘quv binolari va ma’muriy inshootlar uchun barqaror energiya manbaini ta’minlab, ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi hamda universitetning barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha milliy siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, quyosh panellari yaqin yillarda universitetlarning yillik elektr energiyasi ehtiyojining kamida 70 foizini qoplashi kutilmoqda. Shu tarzda BMU xalqaro moliyaviy mexanizm yordamida qayta tiklanuvchi energiya yechimlarini joriy etgan birinchi xususiy universitetlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Yashil iqtisodiyot moliyalashtirish mexanizmi (GEFF) Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki tomonidan ishlab chiqilgan. Loyiha Kanada tomonidan YTTBning «Iqlim bo‘yicha yuqori ta’sirli sheriklik» (HIPCA) dasturi, Iqlim investitsiyalari jamg‘armasi va Tayvan Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi orqali qo‘llab‑quvvatlanadi.