Toshkent, 2026 yil — Ipak Yuli Bank Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish dasturi — GEFF (Green Economy Financing Facility) bo‘yicha faoliyat natijalarini ma’lum qildi.
GEFF II dasturi O‘zbekistonda ishga tushirilganidan buyon Ipak Yuli Bank umumiy qiymati 17 mln AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 177 ta yashil loyihani moliyalashtirdi. Mazkur loyihalar real sektorda energiya samarador va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.
Amalga oshirilgan loyihalar natijasida CO₂ chiqindilari yiliga 8 357 tonnaga qisqartirildi hamda yiliga 130 986 GJ hajmida birlamchi energiya resurslari tejaldi. Bu esa biznes va hududlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Moliyalashtirishning asosiy yo‘nalishlari biznes uchun energiya samarador yechimlar hamda energiya xarajatlarining o‘sishi sharoitida kompaniyalarning barqarorligini oshirishga qaratilgan texnologiyalarni o‘z ichiga oladi. Mijozlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, GEFF doirasidagi investitsiyalar nafaqat ekologik samara, balki operatsion xarajatlarning sezilarli darajada kamayishini ham ta’minlamoqda.
Yashil moliyalashtirish va YTTB bilan strategik hamkorlik Ipak Yuli Bank uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi hamda Bankning Think Big strategiyasiga to‘liq mos keladi. Ushbu strategiya keng ko‘lamli, texnologik va uzoq muddatli yechimlarga qaratilgan.
GEFF dasturi doirasida mikro, kichik va o‘rta biznes subyektlarini, ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek energiya samarador texnologiyalardan foydalanish mahalliy kompaniyalarning raqobatbardoshligi va barqarorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi hududlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Ipak Yuli Bank uchun GEFF dasturi mijozlarga nafaqat moliyaviy resurslar, balki biznes samaradorligini oshiradigan va xalqaro barqaror rivojlanish standartlariga javob beradigan zamonaviy yashil texnologiyalarga kirish imkoniyatini ham taqdim etadi”, — deya ta’kidlashdi Ipak Yuli Bank vakillari.
Bank kelgusida ham yashil loyihalar portfelini kengaytirishni rejalashtirmoqda hamda barqaror va mas’uliyatli moliyalashtirish sohasida O‘zbekistonning yetakchi moliya institutlaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashni davom ettiradi.